O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi O‘zbekistonda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini monitoring qilishga kirishdi.

Jamoatchilik monitoringi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejasida belgilangan chora-tadbirlarga tayangan holda amalga oshiradi.
Assotsiatsiya o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalaridan biri bu – ovoz berish huquqiga ega yoshlarning, ayniqsa birinchi marta ovoz beruvchilarning saylov huquqlari taʼminlashdan iboratdir.
Shunga ko‘ra, birinchi navbatda, uyushgan va uyushmagan yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbirlari olib boriladi. Bundan tashqari, kuzatuvchilar va uchastka saylov komissiyalari tarkibida ilk marotaba qatnashayotgan yoshlar uchun ushbu komissiyalar faoliyatiga doir meʼyoriy huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan hamda saylov qonunchiligi, shu jumladan unga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar yuzasidan seminar-treninglar tashkil etiladi.
Shu bilan birga, yoshlarning siyosiy tadbirda ishtirok etish kayfiyati, ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlaridan xabardorligi darajasi tahlil qilinadi.
Monitoring yakunlari bo‘yicha tahliliy maʼlumot tayyorlash, takliflar ishlab chiqish, ularni keng omma eʼtiboriga yetkazish maqsad qilingan.
Agar sizda biron bir taklif bo'lsa yoki volontyorlar jamoasiga a'zo bo'lishni va faol ishtirok etishni istasangiz, bizga yozing: info@volontyor.uz
