"Ixtisoslashgan volontyorlik – ijtimoiy sohadagi davlat va jamoat tuzilmalari uchun muhim resurs" mavzusida davra suhbati o'tkazildi

“Ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiyin vaziyatga tushib qolgan va nogironligi bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy inklyuziyasi” loyihasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, ekspertlar hamda volontyorlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida ishtirokchilar ixtisoslashgan volontyorlik tushunchasi, uning ijtimoiy sohadagi o‘rni va davlat tuzilmalarida mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishda volontyorlarning roli kabi mavzularni muhokama qildi. Shuningdek, Yoshlar uchun ijtimoiy markaz faoliyatida ixtisoslashgan volontyorlikning ahamiyati, xalqaro tajribalar va “Inson” markazlari tizimidagi volontyorlik faoliyatining rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.
Bugungi kunda ijtimoiy volontyorlik faoliyati jadal rivojlanib bormoqda. Bu doimiy parvarishga muhtoj shaxslar – yetim bolalar, nogironligi bo‘lgan insonlar, yolg‘iz keksa kishilar, uysizlar, sobiq mahbuslar, zo‘ravonlik qurbonlari, qochqinlar va boshqa ehtiyojmand guruhlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan volontyorlik faoliyatidir. Shu yo‘nalishda hozirda “Inson” volontyorlar jamoasi faoliyat yuritib, ijtimoiy muammolarga yechim topishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Tadbir doirasida volontyorlarning “Ixtisoslashgan volontyorlik mutaxassisligim bo'yicha ishlashimda menga qanday yordam berdi?” mavzusidagi muvaffaqiyat hikoyalari tinglandi. Bu hikoyalar volontyorlik faoliyatining jamiyat va shaxsiy taraqqiyot uchun qanday muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor namoyon etdi.
