O‘zbekistonning jahon xayriya indeksi bo‘yicha reytingi deyarli ikki baravarga oshdi

9 iyul 2021, 14:11 Jamiyat
2020 yilda O‘zbekiston CAF (Charities Aid Foundation) xayriya yordam jamg‘armasi taqdim etgan xayriya indeksiga ko‘ra (World Giving Index) jahon reytingida 114 mamlakat orasida 2018 yildagi 53 o‘rindan 29-o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda Progozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mamlakat reytingi uchta yo‘nalishdagi o‘rtacha qiymat ko‘rsatkichlariga bog‘liq:
- xayriya tashkilotlariga tushgan mablag‘lar;
- aholining muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatish;
- ko‘ngilli sifatida ko‘mak berish.
O‘zbekiston 2020 yilda xayriya tashkilotlariga ajratilgan mablag‘lar bo‘yicha 18-o‘rinni (46%), muhtojlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri saxovat yordami ko‘rsatgan odamlar soni bo‘yicha 58-o‘rinni (57% fuqaro), ko‘ngilli sifatida ko‘mak berish bo‘yicha 62-o‘rinni (16%) egalladi.
Indoneziya 2020 yilgi jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Keniya ikkinchi, Nigeriya uchinchi o‘rinda qayd etildi. Mutaxassislar ushbu mamlakatlarda xayriya yordamining ko‘payishini kambag‘al aholi qatlamlarining ahvoli yomonlashayotgani, shuningdek, fuqarolik jamiyati va ko‘ngillilar harakati faollashgani bilan izohlashmoqda.
Pandemiya davrida odatda har doim birinchi o‘ntalikka kirgan mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Kanada, Niderlandiya) o‘rniga, ilgari hech qachon yuqori pozitsiyani egallamagan mamlakatlar birinchi o‘ntalikdan o‘rin egalladi.
Quyi o‘rinlarni shuningdek Fransiya (106-o‘rin), Qozog‘iston (98-o‘rin), Turkiya (78-o‘rin), Germaniya (85-o‘rin) va Rossiya (67-o‘rin) egalladi.
