Qonunga muvofiq ta’lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari va ta’lim muassasalarining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish borasidagi vakolatlari quyidagicha belgilangan:

Xabardor qilish – ta’lim muassasalari bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki rivojlanishiga tahdid soluvchi har qanday holatlar, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishi faktlari haqida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat organlari va tashkilotlarini o‘z vaqtida xabardor qiladi.
Aniqlash va hisobga olish – og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan, ta’lim muassasalariga bormayotgan yoki darslarni muntazam qoldirayotgan, ta’lim jarayonida himoyaga va qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj sezayotgan bolalarni aniqlash va ro‘yxatga olish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash – zo‘ravonlikka uchragan yoki zo‘ravonlik sodir etilish xavfi ostida bo‘lgan bolalarga psixologik, pedagogik va ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi, ularga ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishda yordam beriladi.
Ota-onalar va mutaxassislar bilan ishlash – nafaqat jabrlangan bolalarga, balki ularning ota-onalariga va bolalar huquqlarini himoya qilishga jalb qilingan mutaxassislarga ham psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatiladi.
Zo'ravonlikni oldini olish va nazorat qilish mexanizmlarini ishlab chiqish – ta’lim muassasalari bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va ulardan himoya qilish bo‘yicha nizom va ichki tartib-qoidalarni ishlab chiqish, tasdiqlash va joriy etish hamda ularning ijrosini nazorat qilish bilan shug‘ullanadilar.
O’qituvchilarni maxsus kurslarda o‘qitish – ta’lim muassasalari xodimlari bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va ularga tezkor munosabat bildirish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslaridan o‘tadilar hamda bolalarni himoya qilish yo‘nalishida malakalarini oshiradilar.
Asosiy maqsad – bolalar uchun xavfsiz ta’lim muhitini yaratish, ularni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish va mehr-oqibat, qo‘llab-quvvatlash va hurmat muhitida tarbiyalashdir.
